Fayzullaev Istanbulda: yangi klub va yangi imkoniyatlar
24 iyul kuni Abbosbek Fayzullaev Turkiyaning "Istanbul Bashakshehir" jamoasiga o‘tishi arafasida tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak edi. Bu transfer katta qiziqish uyg‘otdi. Chunki mazkur klub nafaqat Yevropa musobaqalarida qatnashadi, balki Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi bilan ham mashhur. Shuningdek, bu yerda yaqinda Eldor Shomurodov ham to‘p sura boshladi.
Mutaxassis Elvin Kerimov so‘zlariga ko‘ra, oxirgi yillarda "Bashakshehir" chempionlik uchun kurasha olmayotgan bo‘lsa-da, klubning salohiyati hamon yuqori. U doimiy ravishda xalqaro musobaqalarda qatnashib kelmoqda va bu o‘z navbatida Fayzullaev uchun tajriba to‘plashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Albatta, bu klub hozircha "Galatasaray" yoki "Fenerbahche" kabi top jamoalar darajasida emas, ammo Abbosbek uchun yangi bosqich sifatida qaralishi mumkin. Bu o‘tish keyinchalik kuchliroq chempionatlarga yoki Turkiyaning yetakchi klublariga yo‘l ochishi ehtimolini oshiradi.
Kerimovning ta’kidlashicha, Fayzullaev uchun bu taklifni rad etish mantiqan to‘g‘ri emasdi — moliyaviy tomondan ham futbolchi, ham CSKA uchun manfaatli kelishuv bo‘lgan. Qolaversa, Istanbul shahrida yashash imkoniyati ham muhim omil sanaladi — bu shahar o‘zining madaniyati va muhiti bilan o‘zbekistonlik futbolchilar uchun qulay.
Yangi jamoada Abbosbekni 45 yoshli murabbiy Atan Chag‘dash boshqaradi. U futbolchilik faoliyati davomida "Beshiktash" bilan Turkiya Kubogini va "Bazel" bilan Shveytsariyada “dubl”ni qo‘lga kiritgan. Sentabrda u "Bashakshehir" bosh murabbiyi sifatida ikki yillik faoliyatini nishonlaydi.