Fabrisio Romano Levandovskining kelajagi haqida: «Yakuniy qarorni futbolchining oʻzi qabul qiladi»
Taniqli insayder Fabrisio Romano «Barselona» hujumchisi Robert Levandovskining kataloniyaliklar bilan shartnomasini uzaytirishga yaqinligi haqidagi xabarlarga oydinlik kiritdi.
Romanoning soʻzlariga koʻra, soʻnggi kunlarda polshalik hujumchining yana bir mavsumga qolishi borasida koʻplab mish-mishlar tarqalgan boʻlsa-da, asl vaziyat biroz boshqacha. Levandovskining agenti Pini Zaxavi ayni paytda bosh murabbiy Hansi Flikning ham manfaatlarini himoya qiladi va u dunyoning eng nufuzli agentlaridan biri sanaladi. Uning klub prezidenti Joan Laporta bilan aloqalari juda yaqin. Yaqinda boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda asosiy mavzu Hansi Flikning 2028 yilgacha moʻljallangan yangi shartnomasi boʻlgan.
Shu bilan birga, mazkur muzokaralar jarayonida Robert Levandovskining holati ham koʻrib chiqilgan. Klub va futbolchi shartnomani yana bir mavsumga uzaytirish imkoniyatini muhokama qilishgan, biroq hozircha bu borada aniq toʻxtamga kelinmagan va masala ochiq qolmoqda.
«Levandovski va uning jamoasi bir nechta variantlarni koʻrib chiqmoqda. Ha, u «Barselona»da yana bir yil qolishi mumkin, ammo bu hali aniq emas. Unda Yevropaning boshqa klublaridan takliflar bor, shuningdek, Saudiya Arabistoni jamoalari uni uch yildan beri kutishmoqda. MLS variantini ham yoddan chiqarmaslik lozim, chunki Robertda u yerdan ham chorlovlar mavjud.
Shunday qilib, bizda barcha variantlar bor. Endi navbat Levandovskiga — u oʻzi nima xohlashini hal qilishi kerak: «Barselona»da qolishmi, Yevropada davom etishmi, Saudiya Arabistoniga ketishmi yoki MLSga oʻtishmi? Qarorni futbolchining oʻzi qabul qiladi. Uning agentlari esa shunchaki barcha mumkin boʻlgan variantlarni taqdim etish ustida ishlamoqda», — deya taʼkidladi Romano.