Fabio Kannavaro: «Bizni kuchli raqib kutyapti. Misr — juda jips va sifatli jamoa»
Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro “Al Ain Cup” xalqaro turniri yarim finalidan oʻrin olgan Misrga qarshi oʻyin haqida fikr bildirdi.
“Bizni kuchli raqib kutyapti. Misr — juda jips va sifatli jamoa. Ular oxirgi 30 oʻyinning atigi ikkitasiida magʻlub boʻlgan. Tarkibida top darajadagi futbolchilar jamlangan. Shunga qaramay, biz ham maydonda oʻz kuchli tomonlarimizni namoyish etamiz. Bu kabi uchrashuvlar ikkala jamoa uchun ham foydali.
Roʻyhatimizda koʻplab yosh futbolchilar bor. Imkon boʻlsa, yana koʻproq oʻyinchini chaqirgan boʻlardim, chunki ularning mashgʻulot va oʻyinlardagi holatini koʻrishni istayman. Ammo 26 nafardan ortiq futbolchini jalb qila olmaymiz. Shunga qaramay, Jahon chempionatigacha ayrim yosh futbolchilarga imkon berishni rejalashtirganmiz.
Oʻzbekiston U-17 jamoasining Jahon chempionatidagi oʻyinlarini kuzatyapman. Bunday musobaqalar yoshlar uchun katta tajriba boʻladi. Ularga omad tilayman.
Abbos Fayzullaevning holatiga toʻxtaladigan boʻlsak, u hali jarohatdan toʻliq tiklanmagan, shu sabab yigʻinni oʻtkazib yuboryapti. Ammo u bilan doim aloqadaman — bu mening vazifam. Terma jamoada uchrayotgan kamchiliklarni toʻgʻrilab, har bir detalni yaxshilab boramiz”, - deya Kannavaroning soʻzlaridan keltiradi OʻFA matbuot xizmati.