Eron terma jamoasi JCh-2026 uchun vizalar oldi, jamoa bazasi Meksikaga koʻchiriladi
Eronning Anqaradagi elchisi Muhammad Hasan Habibullozoda Eron terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etish uchun vizalarni qoʻlga kiritganini maʼlum qildi. Mazkur turnir 11 iyundan 19 iyulgacha uchta mamlakat — AQSH, Kanada va Meksika hududlarida boʻlib oʻtadi.
«Eron milliy terma jamoasi futbolchilari uchun vizalar Meksika elchixonasida oʻyinchilarning shaxsan ishtirok etishi va barmoq izlari olinishi zaruratisiz, 48 soat ichida rasmiylashtirib berildi», — deya Habibullozodaning soʻzlarini keltiradi IRIB nashri.
Eslatib oʻtamiz, Eron va AQSH oʻrtasidagi qurolli mojaro tufayli Eron jamoasining jahon birinchiligidagi ishtiroki soʻroq ostida turgan edi. Dastlab eronliklarning mashgʻulot bazasi Amerikaning Arizona shtatida joylashishi rejalashtirilgan edi.
Biroq terma jamoa xavfsizligiga boʻlgan tahdidlar sababli Eron tomoni FIFAga mashgʻulot bazasini Meksikaga koʻchirishga ruxsat soʻrab murojaat qildi. Keyinchalik Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Toj ushbu iltimos qondirilganini maʼlum qildi.