Eron JCh-2026 mezbonlariga qat’iy shartlar qo‘ydi
Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mexdi Taj Tehron milliy terma jamoaning 2026 yilgi jahon chempionatidagi ishtiroki uchun mezbon mamlakatlar oldiga bir qator shartlar qo‘yganini va kafolatlar talab qilganini ma’lum qildi.
Ushbu shartlar vizalar berilishi, xodimlarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish, Eron bayrog‘i va milliy madhiyasini e’zozlashni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, Tehron aeroportlar, mehmonxonalar va jamoa o‘yinlarga boradigan yo‘nalishlarda yuqori darajadagi xavfsizlik choralarini talab qilmoqda.
«Biz turnirda ishtirok etamiz, biroq o‘z e’tiqodimiz, madaniyatimiz va qarashlarimizdan voz kechmaymiz. Barcha futbolchilar va murabbiylar shtabi a’zolari, ayniqsa Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusida harbiy xizmatni o‘taganlar hech qanday muammosiz viza olishlari shart», — deya Tajning so‘zlarini keltirmoqda Le Parisien nashri.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio eronlik futbolchilar yaxshi kutib olinishiga ishontirdi, biroq Qo‘shma Shtatlar Eron delegatsiyasining Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bilan aloqador bo‘lgan ayrim a’zolariga mamlakatga kirishni rad etishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Eron terma jamoasi JCh-2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan va «G» guruhidan joy olgan. Ularga Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya raqiblik qiladi. Jamoaning barcha uchta o‘yini AQSH hududida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Jahon chempionati kelasi yozda uchta mamlakat — AQSH, Kanada va Meksika hududida o‘tkaziladi. Amaldagi jahon chempioni Argentina terma jamoasi hisoblanadi.