Eron bilan bogʻliq xakerlar guruhi AQShdagi mundial xavfsizligiga tahdid qildi
Eron bilan bog‘liq Handala xakerlar guruhi AQSh'dagi Jahon chempionati xavfsizligiga tahdid qildi. CBS News xabariga ko‘ra, guruh Federal qidiruv byurosi — FBI foydalanayotgan FPV-dronlar tizimiga kirganini da’vo qilmoqda. Ularning bayonotida aytilishicha, Handala bir necha oydan beri dronlar orqali olingan tasvirlar va kuzatuv ma’lumotlariga ega.
Xakerlar FBI stadionlar atrofida yuzlarni tanish va avtomobil raqamlarini aniqlash tizimlaridan foydalanayotganini ham iddao qilgan. Ular Jahon chempionati tashkilotchilariga xavfsizlik choralarini kuchaytirishni «maslahat» qilgan.
Biroq SITE Intelligence Group ma’lumotiga ko‘ra, xakerlar e’lon qilgan foto va videolar aslida FBI tizimi buzib kirilganini isbotlamaydi. Hatto ulardan biri 2024-yilda AQSh'dagi politsiya departamenti tomonidan tornadodan keyingi zararlarni o‘rganish texnologiyasini targ‘ib qilish uchun tayyorlangan video ekani aytilmoqda.
CBS News ta’kidlashicha, FBI Jahon chempionati vaqtida stadionlar va muxlislar zonalari atrofida noqonuniy dronlarga qarshi kurashish uchun maxsus dronlardan foydalanadi. AQSh'da o‘yinlar o‘tayotgan stadionlar, fan-zonalar va muxlislar tadbirlari ustida dron uchirish taqiqlangan.