Ernesto Valverde mavsum yakunida «Atletik» bosh murabbiyligidan ketishini e’lon qildi
Ispaniyaning «Atletik Bilbao» klubi matbuot xizmati jamoa bosh murabbiyi Ernesto Valverde joriy mavsum yakunlangach, o‘z lavozimini tark etishi haqida rasmiy bayonot berdi. Tajribali mutaxassis 2022yildan buyon basklar jamoasini boshqarib kelayotgan edi.
Valverdening klub rasmiy sayti orqali muxlislarga yo‘llagan murojaatida shunday deyiladi:
«Barchaga salom. Bugun kelasi mavsumda «Atletik» bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritmasligimni e’lon qilmoqchiman. Bu qarorni uzoq vaqt davomida o‘yladim, klub rahbariyati bilan muhokama qildim va buni sizlar bilan baham ko‘rishga qaror qildim. Shu bilan birga, oldimizda chempionatning 10 ta o‘ta muhim o‘yini turganini ta’kidlash lozim, ularning birinchisi shu yakshanba kuni «Betis»ga qarshi bo‘lib o‘tadi. Biz o‘z maqsadlarimizga erishishimiz kerak bo‘lgan ushbu 10 ta bahsda bor kuchimizni ishga solamiz va agar bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak, shubhasiz, g‘alaba qozonamiz».
Ma’lumot uchun, Valverde boshchiligidagi «Atletik» so‘nggi yillarda Ispaniya La Ligasida barqaror o‘yin ko‘rsatib, yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun jiddiy kurash olib bormoqda.