Erling Holand va Norvegiya shaxmati: shaxmat uchun 10 million dollarlik qadam
Norvegiya terma jamoasining yulduz hujumchisi Erling Holand faqat futbol maydonida emas, shaxmat olamida ham katta o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Uning Chess Mates kompaniyasi orqali Norway Chess’ga kiritgan strategik sarmoyasi ortidan kompaniya yangi Total Chess loyihasi uchun 10 million dollarlik investitsiya jalb qila oldi.
Bu investitsiya orqali Norway Chess va yangi Total Chess World Championship Tour — tezlashtirilgan klassik, rapid va blitsni birlashtirgan yirik xalqaro tur start oladi. FIDE tomonidan kamida 16 yilga tasdiqlangan ushbu loyihaning dastlabki bosqichi shu yil kuzda boshlanadi, to‘liq chempionat esa 2027-yildan yo‘lga qo‘yiladi. Turnir yiliga 4 ta yirik bosqichdan iborat bo‘lib, umumiy mukofot jamg‘armasi 2.7 million dollardan kam bo‘lmasligi rejalashtirilgan.
Yana bir quvonarli jihat: ushbu yangi turda O‘zbekiston shaxmatining yorqin vakillari ham ishtirok etadi. Grossmeyster Nodirbek Abdusattorov Blits bo‘yicha jahon chempionatidagi kumush medali evaziga turnir yo‘llanmasini naqd qilgan bo‘lsa, yana bir hamyurtimiz Javohir Sindarov ham Nomzodlar turniri g‘olibi sifatida ushbu ko‘p millionlik ligada dona suradi.