Erling Holand shaxmat olamiga katta sarmoya kiritadi
«Manchester Siti» hujumchisi Erling Holand shaxmat sporti rivoji uchun investitsiya kiritishini ma’lum qildi. Norvegiyalik yulduz 2013 yildan buyon Stavangerda o‘tkazib kelinayotgan an’anaviy Norway Chess turniri hamda yangi formatdagi Total World Chess Championship musobaqasiga sarmoya kiritadi.
Holand norvegiyalik tadbirkor Marten Borge bilan hamkorlikda Chess Mates kompaniyasiga asos soldi. Ushbu kompaniya Norvegiya shaxmat assotsiatsiyasining yirik aksiyadoriga aylanadi.
«Shaxmat — ajoyib o‘yin. U aqlni o‘tkirlashtiradi va futbol bilan o‘xshash jihatlari juda ko‘p. Bunda tezkor qaror qabul qilish, intuitsiyaga ishonish va yurishlarni bir necha qadam oldindan o‘ylash lozim. Men Norway Chess’ga sarmoya kiritayotganimning sababi — yangi Total Chess World Championship Tour shaxmatni butun dunyo bo‘ylab tomoshabinlar uchun yanada ommabop sport turiga aylantira olishiga ishonaman», — deya Holandning so‘zlarini keltirmoqda FIDE rasmiy sayti.
Total Chess World Championship Tour yil davomida to‘rtta turli shaharda o‘tkaziladigan to‘rtta turnirdan iborat bo‘ladi. Musobaqa yakunida shaxmatning uch yo‘nalishi — klassik, rapid va blits bo‘yicha yagona jahon chempioni aniqlanadi. Mazkur loyiha FIDE tomonidan kamida 16 yilga ma’qullangan.
Turnirning mukofot jamg‘armasi kamida 2,7 million dollarni tashkil etadi. Musobaqaning sinov talqini 2026 yilning kuzida, to‘liq mavsum esa 2027 yilda start oladi.