Erling Holand: «Murabbiy, siz buyuklikni odatiy holga aylantira oldingiz»
«Manchester Siti» hujumchisi Erling Holand jamoa bosh murabbiyi Pep Gvardiolaning iste’fosi fonida mutaxassisga alohida murojaat bilan chiqdi.
«O‘rgatishdan hech qachon to‘xtamagan murabbiy. Aqldan ozgandek eshitilishi mumkin, biroq siz buyuklikni odatiy holga aylantira oldingiz. Xet-triklar, g‘alabalar va sovrinlardan keyin ham doimo yangi saboq, yangi chaqiriq va erishish kerak bo‘lgan yangi cho‘qqi bor edi. Bunday yondashuv ushbu klubni butunlay o‘zgartirdi va meni ham boshqa darajaga olib chiqdi. Eng yaxshisi bilan birga ishlash men uchun sharaf edi. Hammasi uchun rahmat, boss», — deb yozdi Holand o‘zining «X» ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilning 22 may kuni «Manchester Siti» klubi rasmiy sayti orqali mutaxassisning 2025/2026 yilgi mavsum yakunlangach, bosh murabbiylik lavozimini tark etishini e’lon qildi. Vaholanki, Gvardiolaning klub bilan amaldagi shartnomasi yana bir yilga — 2027 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan edi.