Erjan Tokotaev “Andijon”da asosiy darvozabon bo‘ldi
Qirg‘iziston terma jamoasi a’zosi Erjan Tokotaev “Andijon”da raqobatda g‘alaba qozondi va asosiy darvozabon sifatida qayd etildi. Avvalroq klub ukrainalik darvozabon Artyom Odintsov bilan shartnoma imzolagan edi, biroq uni ro‘yxatdan o‘tkazishning imkoni bo‘lmadi.
“Championat.Asia” manbasining ma’lum qilishicha, bunga yozgi transfer oynasidagi limit sabab bo‘lgan — jamoa faqat 23 yoshdan katta bo‘lgan 5 nafar maydon o‘yinchisi va 1 nafar darvozabonni ro‘yxatga kiritishi mumkin. Shu bois klub yakuniy tanlovni Tokotaev foydasiga qilgan.
Boshida Erjanning ham Baklov bilan “Ufa”da yuz bergan holatga tushib qolishi mumkinligidan xavotirlar bor edi. Eslatib o‘tamiz, o‘shanda Baklovga asosiy tarkib va’da qilingan, lekin keyin birinchi raqam sifatida Belenov olingandi. Lekin bu safar vaziyat boshqacha — “Andijon” Tokotaevni Odintsov bilan birga emas, aynan uning o‘rniga tanlagan.
Endi esa Artyom Odintsovning taqdiri ochiq qolmoqda — katta ehtimol bilan u bilan shartnoma bekor qilinib, tovon puli to‘lanadi.
Shu bilan birga, quvonarlisi shundaki, Erjan tajribali raqibni ortda qoldirdi. Odintsov so‘nggi olti mavsumda Vengriyaning oliy ligasida o‘ynagan va Yevropa musobaqalarida ishtirok etgan darvozabon hisoblanadi.