Enzo Fernandes «Real Madrid»ga o‘tishni orzu qilmoqda — manba
Londonning «Chelsi» klubi yarimhimoyachisi Enzo Fernandes hali ham faoliyatini davom ettirish uchun Madridning «Real» klubini ustuvor variant sifatida ko‘rmoqda. Bu haqda insayder Ben Jeykobs xabar berdi.
Shu bilan birga, Madrid klubi hozircha yarimhimoya chizig‘ini kuchaytirish uchun nomzodlar borasida yakuniy qarorga kelmagan. Londonliklar esa futbolchining ushbu yozdagi ehtimoliy transferi ustidan to‘liq nazoratni o‘z qo‘llarida saqlab turishibdi.
Avvalroq, tomonlar o‘rtasidagi kelishuv amalga oshishi mumkinligi haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi. Shuningdek, manbalarning ta’kidlashicha, Enzo «Chelsi» bosh murabbiyi Liam Rosenyor g‘oyalariga asosiy muxolif bo‘lib turibdi, bu esa uning klubdagi kelajagiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
O‘tgan yozdan buyon «Chelsi» rahbariyati argentinalik xavbekni uzoq muddatli loyihaning muhim qismi deb hisoblab, shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Biroq hozircha tomonlar kelishuvga erisha olishmadi.
Fernandesning amaldagi shartnomasi 2032 yilning yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, uning bozor qiymati taxminan 90 million yevroni tashkil etadi.