Entoni Teylor: «Har qanday hakam bosim yoki kuchli eʼtibor uni tashvishga solmasligini aytsa, yolgʼon gapirgan boʼladi»
Sobiq ingliz hakami Entoni Teylor doimiy bosim va kuchli eʼtibor uning faoliyatini yakunlash haqidagi qaroriga qanday taʼsir qilganini aytib oʼtdi.
47 yoshli hakam JCh-2026 dan soʼng faoliyatini yakunlashini eʼlon qilgan edi.
«Har qanday hakam bosim yoki kuchli eʼtibor uni tashvishga solmasligini aytsa, yolgʼon gapirgan boʼladi. Bu tabiiy insoniy reaktsiya.
Xato qilish qoʼrquvi, atrofdagilarning fikri, muxlislar, murabbiylar, ota-onalar, OАV, hamkasblar — bularning barchasi oʼziga boʼlgan shubha va ishonchsizlikni keltirib chiqaradi. Keyin esa vaziyat nazoratdan chiqib ketishi mumkin va sen maydonda qilayotgan ishingda ishonchni yoʼqotasan.
Bunday muhitda uzoq vaqt qolgandan soʼng energiya darajasi pasayadigan davrlar hammada boʼladi. Bu esa motivatsiya va oʼziga boʼlgan ishonchga taʼsir qila boshlaydi.
Men bu holatni qanday yengib oʼtishni yaxshi tushunardim. Faoliyatimni yakunlash qarorim tanam va ongim tabiiy ravishda bu bosqichning oxiriga yetib kelgani hamda oldinga intilishga tayyor ekanligi bilan bogʼliq.
Oilaviy hayot ikkinchi darajali boʼlib qoladi, shuning uchun bu ham ketish haqidagi qarorimning muhim qismi edi.
Bularning barchasi eng yuqori darajadagi hakamlarga qaratiladigan kuchli eʼtibor va qoʼyiladigan talablar bilan uygʼunlashib ketgan edi. Bu sen ularni uddalay olmaysan degani emas, ammo shunday payt keladiki, tana va ong bunday bosimdan dam olishi kerakligini his qilasan», – dedi Teylor.