Entoni Gordon yozda «Nyukasl»ni tark etishni oʻylamoqda
Angliyaning «Nyukasl» klubi yarimhimoyachisi Entoni Gordon jamoasini tark etishga tayyor. Bu haqda The Telegraph nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Gordon hozircha «Nyukasl» rahbariyatiga ketish istagi borligi haqida rasman ma’lum qilmagan, biroq klub kulislarida futbolchi shu yozda transfer qilinishiga erishmoqchi ekanligi haqidagi ishonch hukm surmoqda.
Klub rahbariyati esa futbolchiga ham Angliya, ham Yevropaning boshqa yetakchi jamoalari tomonidan qiziqish borligidan xabardor. Ular orasida Germaniyaning «Bavariya» hamda Angliyaning «Arsenal» va «Liverpul» klublari nomlari tilga olinmoqda.
Angliya Premyer-ligasining joriy mavsumida 25 yoshli Entoni Gordon 26 ta uchrashuvda maydonga tushib, 6 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Shuningdek, uning hisobida Chempionlar Ligasidagi 12 ta o‘yinda kiritilgan 10 ta gol va 2 ta samarali uzatma ham mavjud. Gordonning «Nyukasl» bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilga qadar mo‘ljallangan.