Enso Mareska «Man Siti» yangi transferlar boʻyicha tanlash huquqiga ega boʻladi
«Manchester Siti» bosh murabbiyligiga tayinlanishi kutilayotgan italiyalik mutaxassis Enso Mareska kelayotgan yozgi transfer oynasida «shaharliklar»ning yangi xaridlari boʻyicha ovoz berish huquqiga ega boʻladi. Bu haqda talkSPORT nashri xabar bermoqda.
Manba bergan maʼlumotlarga koʻra, klub birinchi navbatda oʻng qanot himoyachisi va markaziy yarim himoyachi qidirmoqda.
«Manchester Siti»ning asosiy maqsadlari qatoridan «Nottingem Forest» yarim himoyachisi Elliot Anderson hamda «Chelsi» aʼzosi Enso Fernandes joy olgan. Shuningdek, «shaharliklar» «Nyukasl» oʻng qanot himoyachisi Valentino Livramentoga ham qiziqish bildirmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Mareska 2022/2023 yilgi mavsumda Xosep Gvardiolaga yordamchi murabbiy boʻlib ishlagan. Italiyalik mutaxassisning oxirgi ish joyi «Chelsi» klubi boʻlib, u London jamoasini 2024 yilning yozidan 2026 yilning yanvariga qadar boshqargan edi.