Enso Fernandes “Manchester Siti”ga o‘tishga rozilik berdi
“Chelsi” yarim himoyachisi Enso Fernandes “Manchester Siti”ga o‘tishga rozilik berdi. Bu haqda insayder Fabritsio Romano ma’lum qilgan. Angliya klubi argentinalik futbolchini transfer qilish uchun yangi rasmiy taklif tayyorlamoqda.
Manbaga ko‘ra, “Manchester Siti” Fernandesning transferini amalga oshirishga jiddiy kirishgan. “Chelsi” esa 25 yoshli futbolchini sotishdan 140 million yevro ishlab olishni istamoqda.
Fernandesning o‘zi “Manchester Siti”ga o‘tishga tayyor. Biroq transferning amalga oshishi klublar o‘rtasidagi muzokaralarga va London jamoasining moliyaviy talablariga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Avvalroq “Siti” futbolchi uchun 120 million yevrolik taklif yuborgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Ma’lumot uchun, Fernandes o‘tgan mavsumda “Chelsi” safida barcha musobaqalarda 54 ta uchrashuvda maydonga tushib, 15 ta gol urgan va 7 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Uning London klubi bilan shartnomasi 2032-yilgacha mo‘ljallangan.