Emre Jan og‘ir jarohat olib, uzoq safdan chiqdi
Dortmundning «Borussiya» klubi jamoa sardori Emre Janning jiddiy jarohat olganini rasman ma’lum qildi. Myunxenning «Bavariya»siga qarshi kechgan (2:3) Bundesliga doirasidagi bahsida futbolchining chap tizzasidagi oldingi xochsimon boylamlari uzilgani aniqlandi.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, tajribali yarimhimoyachi uzoq muddatga safdan chiqdi. Mazkur holat yuzasidan klub sport direktori Sebastyan Kel o‘z fikrlarini bildirdi:
«Emrening jarohati nafaqat uning o‘zi uchun, balki butun klub uchun o‘ta ko‘ngilsiz hodisadir. U bizning sardorimiz, har doim jamoa manfaati uchun borini beradi va klubning muhim bo‘lagi hisoblanadi. Yaqin oylar davomida Emre to‘liq sog‘ayib ketishi uchun klub tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi», — dedi Kel.
Ma’lumot o‘rnida, Emre Jan joriy mavsumda dortmundliklar safida barcha turnirlar doirasida 16 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol muallifiga aylangan edi.