Emmanuel Makron JCh-2026 oldidan Fransiya terma jamoasi bazasiga tashrif buyuradi
Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron 2 iyun kuni milliy terma jamoaning mashgʻulotlar markaziga tashrif buyuradi. Bu haqda RMC Sport nashri xabar bermoqda.
Davlat rahbarining ushbu tashrifi anʼanaviy xarakterga ega boʻlib, jamoaning yirik xalqaro turnirlarga tayyorgarlik koʻrishi doirasida amalga oshiriladi. Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad — JCh-2026 joʻnab ketish oldidan futbolchilar hamda Didye Desham boshchiligidagi murabbiylar shtabini maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashdan iborat. Yelisey saroyidan aniqlashtirishlaricha, prezidentning futbolchilar bilan uchrashuvi muhim musobaqalar oldidan shakllangan oʻziga xos anʼananing bir qismidir.
Fransiya terma jamoasi 10 iyun kuni jahon birinchiligiga joʻnab ketadi. Eslatib oʻtamiz, turnir uch mamlakat — AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida boʻlib oʻtadi.
Boʻlajak Jahon chempionati Didye Desham uchun milliy terma jamoa bosh murabbiyi lavozimidagi soʻnggi turnir boʻladi. Shuningdek, ushbu mundial Fransiya terma jamoasi uchun Emmanuel Makronning joriy prezidentlik muddati yakunlanishiga (navbatdagi saylovlarga) qadar oʻtkaziladigan oxirgi yirik musobaqadir.
Ushbu xabar arafasida prezident Makron «Stad de Frans» stadionida boʻlib oʻtgan Fransiya kubogi finalini bevosita maydondan kuzatdi. Hal qiluvchi bahsda «Lans» hamda «Nitssa» jamoalari toʻqnash kelishdi. Uchrashuv «Lans»ning 3:1 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi va klubga tarixiy chempionlik unvonini taqdim etdi.