Emiliano Martines “Tottenhem”ga o‘tishi mumkin
“Aston Villa” va Argentina terma jamoasi darvozaboni Emiliano Martines faoliyatini “Tottenhem”da davom ettirishi mumkin. Football Insider ma’lumotiga ko‘ra, London klubi 33 yoshli darvozabon transferini ko‘rib chiqmoqda.
“Tottenhem”ning Martinesga qiziqishi Gulelmo Vikarioning “Yuventus”ga sotilishi bo‘yicha kelishuvdan so‘ng kuchaygan. Londonliklar argentinalik darvozabonni uning o‘rniga asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rmoqda.
“Aston Villa” ham Martinesni qo‘yib yuborishga tayyor ekani aytilmoqda. Bunga klubning avvalroq Zion Suzukini o‘z safiga qo‘shib, uni asosiy darvozabon sifatida ko‘rayotgani sabab bo‘lgan. Hozircha transfer bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilgani haqida ma’lumot yo‘q.
Ma’lumot uchun, Martines o‘tgan mavsum barcha musobaqalarda 44 ta uchrashuv o‘tkazib, 14 ta o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan. Uning “Aston Villa” bilan amaldagi shartnomasi 2029-yilgacha mo‘ljallangan.