locale OZ

Emilian Karas: «Ertaga Paxtakor g‘alaba olib keladigan o‘yin namoyish etadi»

"Paxtakor" murabbiyi o‘yin oldidan fikr bildirdi.
Emilian Karas: “Ertaga Paxtakor g‘alaba olib keladigan o‘yin namoyish etadi”
Фото: Пахтакор ПФК

"Paxtakor" bosh murabbiyi Emilian Karas va jamoa futbolchisi Bashar Resan Elit OChL saralash bosqichi doirasida bo‘lib o‘tadigan "Al-Husayn"ga qarshi o‘yin oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Karas: - Bir necha oy oldin Iordaniya futboli haqida hech narsa bilmas edim. Iordaniya terma jamoasining darajasi ancha yuqoriligiga amin bo‘ldim. Jahon chempionatida munosib ishtirok etishdi. Adashmasam, "Al Husayn"ning 7 nafar yoki undan ko‘proq futbolchisi mundialda qatnashgan. Shuningdek, "Al Husayn"ning Kubok va Chempionatdagi natijalarini kuzatib bordim. Jamoa tarkibida yaxshi futbolchilar bor. Vaziyatdan foydalanib, muxlislarni stadionga taklif qilamiz. Muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi biz uchun juda muhim.

Biz Superligada ko‘p ochko yo‘qotdik. "Buxoro"ga qarshi so‘nggi o‘yinda hammasi yaxshi edi. O‘yinni nazorat qilayotgan edik. Men bu vaziyatni jismoniy holat bilan bog‘lamayman. Fikrimcha, muammo konsentratsiyada bo‘lgan. Bilasiz, 2:0 hisob futboldagi eng noqulay hisoblardan biri. Raqibning birinchi golini o‘zingiz ko‘rdingiz. Shundan so‘ng ularda ruhiy ustunlik va ishtiyoq paydo bo‘ldi. Biz endi bunday vaziyatlar takrorlanmasligi ustida ishlayapmiz.

Aynan qanday o‘yin ko‘rsatishimizni aniq ayta olmayman. Hech bir jamoa maydonga yutqazamiz deb chiqmaydi, buni bilasiz. Ushbu bosqich bitta o‘yindan iborat. Bu esa juda muhim omil. Ko‘plab hisobga olishimiz kerak bo‘lgan jihatlar bor, ob-havo ham. Ertaga "Paxtakor" g‘alaba olib keladigan o‘yin namoyish etadi.

Resan: - Ertaga oson o‘yin bo‘lmaydi. "Al Husayn"ning ko‘plab futbolchilari Jahon chempionatida o‘ynagan. Biz to‘rt kun oldin "Buxoro"ga qarshi maydonga tushdik. Ikkita mashg‘ulot o‘tkazishga ulgurdik, biri tiklanish uchun, ikkinchisi esa taktik mashg‘ulot edi. Nasib ertaga yaxshi natijaga erisha olamiz. "Al Husayn" hali yangi mavsumda o‘yin o‘tkazmadi. Shu sababli murabbiylar shtabi raqibni o‘rganishda biroz qiyinchilikka duch kelgan bo‘lishi mumkin.

Ayman Osiyodagi eng yaxshi hujumchilardan biri. U mundialda qanday o‘ynaganini ko‘rdingiz. Mundialga saralashda ham, mundialning o‘zida ham ko‘plab gollar urdi. U mendan Superliga darajasi va hayot qanday ekani haqida so‘radi. Men O‘zbekistonda mahalliy chempionat kuchli ekanini aytdim. Hozir bir uch nafar iroqlik bitta jamoada o‘ynamoqda. Biz "Paxtakor"ga ko‘proq yordam berishimiz kerak.

To‘rt hafta oldin maydon yaxshi holatda edi. Ertangi o‘yinni "Paxtakor" uchun emas, o‘zbek futboli uchun tomosha qilishadi. Qolaversa, ochiq futbol o‘ynaydigan jamoalar uchun maydon holati juda muhim. Ertaga bunday kamchiliklarga e’tibor bermay, faqat natija haqida o‘ylaymiz. Maydon holati bizga hech qanday muammo tug‘dirmaydi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting