Emil Heski: «Saloh jamoa yetakchilaridan biri sifatida oʻzini koʻrsatishi kerak»
«Liverpul»ning sobiq hujumchisi va Angliya milliy jamoasi a’zosi Emil Heski klub forvardi Muhammad Saloh haqida keskin fikr bildirib, ayni paytda jamoa sardori Virjil van Deykni ham alohida e’tirof etdi.
«Shuni aytishim kerakki, “Liverpul” qator mag‘lubiyatlardan keyin jurnalistlar oldiga doim Virjil van Deyk chiqadi. Men avval ham aytganman — bu sardorning vazifasi, lekin boshqa futbolchilar ham klub nomidan chiqib gapirishlari kerak. Bir yil avval Mo Saloh o‘z holati haqida, klub unga shartnoma taklif qilmayotgani haqida bemalol gapirgan.
Hozir esa Salohni faqat eng yaxshi o‘yinchi deb topilganda yoki yangi shartnoma haqida so‘z ketganda eshitaman. U jamoa yetakchilaridan biri, klub afsonalaridan biri sifatida o‘zini ko‘rsatishi kerak. Hammasini sardor zimmasiga tashlab qo‘yishga bo‘lmaydi», — deya Heski so‘zlarini keltiradi Sky Sports.
Angliya chempionatida 14 ta o‘yin ortda qolar ekan, «Liverpul» 22 ochko jamg‘argan va turnir jadvalida sakkizinchi o‘rinda bormoqda. Musobaqaga 33 ochko to‘plagan «Arsenal» peshqadamlik qilmoqda.