«Elversberg» oʻz tarixida ilk bor Bundesligaga yoʻllanma oldi
«Elversberg» klubi Germaniya Ikkinchi Bundesligasining soʻnggi, 34-turi doirasida «Proyssen Myunster» ustidan ishonchli gʻalabaga erishib (3:0), oʻz tarixida ilk marotaba mamlakat oliy divizioniga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.
Oʻyinda hisob 11-daqiqadayoq Bambaze Konte tomonidan ochildi va maydon egalarini oldinga olib chiqdi. Oradan toʻrt daqiqa oʻtib, David Mokva jamoasining ustunligini mustahkamlagan boʻlsa, 66-daqiqada u oʻz dublini rasmiylashtirib, yakuniy hisobni oʻrnatdi.
Mavsum yakunlariga koʻra, «Elversberg» 62 ochko jamgʻargan holda Ikkinchi Bundesliga turnir jadvalida ikkinchi oʻrinni egalladi va toʻgʻridan-toʻgʻri yuqori ligaga yoʻl oldi.
Xuddi shuncha ochko toʻplagan «Paderborn» klubi qoʻshimcha koʻrsatkichlar evaziga uchinchi pogʻonada qoldi va endi Bundesliga yoʻllanmasi uchun oʻtish oʻyinida «Volfsburg»ga qarshi maydonga tushadi. Turnir jadvalini esa 30 ochko bilan «Proyssen Myunster» jamoasi yakunlab berdi.