Eldor Shomurodov: «Raqib taktikasini o'zgartirdi, shuning uchun bo'lim boshida tashabbusni ularga berdik»
O‘zbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tayotgan “Al Ain Cup” musobaqasi yarim finalidan o‘rin olgan Misrga (2:0) bahsdan keyin o‘yin haqida o‘z fikri bilan o‘rtoqlashdi.
“Birinchi bo‘limda ustunlik biz tomonimizda edi. Ikkita yoki undan ham ko‘proq gol urish imkoniyati bo‘ldi. Dastlabki bo‘limni g‘alaba bilan yakunladik, ikkinchi bo‘limda esa himoyaga ko‘proq e’tibor qaratdik. Raqib taktikasini o‘zgartirdi, shuning uchun bo‘lim boshida tashabbusni ularga berdik. Lekin eng muhimi — gol o‘tkazib yubormadik. Vaziatlarni golga aylantirishda jiddiy xato bo‘lganini ayta olmayman. Men uchun eng muhimi — imkoniyatlar yaratish. Shu imkoniyatlar bizda bor edi.
Ikkita xil taym bo‘ldi. Birinchi bo‘limda bosim orqali tashabbusni o‘zimizda ushlab turishga harakat qildik, tanaffusdan keyin esa himoyaga e’tibor qaratdik. Hozirgi zamonaviy futbolda har narsaga tayyor bo‘lish kerak. Himoyada ham, hujumda ham bir xil harakat qilmasa, ba’zi o‘yinlarda qiyinchilik bo‘ladi. Shu sababli hamma narsaga tayyor bo‘lishimiz lozim”, - deya Shomurodovning so‘zlaridan keltiradi O‘FA matbuot xizmati.