Eldor Shomurodov nega \"Istanbul Bashakshehir\"ni tanlaganini aytdi
Avvalroq xabar berilganidek, O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Turkiyaning "Istanbul Bashakshehir" klubi bilan shartnoma imzoladi. Futbolchi ijara asosida jamoaga qo‘shildi, shartnomada keyinchalik to‘liq transfer imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.
Shomurodovning aytishicha, u Osiyo mintaqasidan, jumladan BAA va Qatar klublaridan takliflar olgan. Shuningdek, Turkiyaning boshqa jamoalari ham qiziqish bildirgan.
"BAA, Qatar va Turkiyaning boshqa klublaridan ham takliflar bo‘lgan. Lekin men "Bashakshehir"ni tanladim. Bu — yosh klub. Katta jamoalarga nisbatan bu yerda bosim kamroq. Jamoa Konferensiyalar ligasida ishtirok etadi, bu esa menga muntazam o‘yin amaliyotini ta’minlaydi. Bu men uchun jahon chempionatiga tayyorgarlikda muhim ahamiyatga ega", — dedi hujumchi.
Ma’lumot uchun, hozirgi paytda Shomurodovning transfer bahosi 5 million yevro atrofida baholanmoqda. U O‘zbekiston milliy jamoasining eng yaxshi to‘purari hisoblanadi.