Eldor Shomurodov: Fayzullaev bilan bir jamoada o‘ynash — juda foydali bo‘ladi
Yaqinda “Roma”dan Turkiyaning “Istanbul Basaksehir” klubiga ijaraga o‘tgan Eldor Shomurodov o‘z hamyurti — Abbosbek Fayzullaevning ushbu jamoaga ehtimoliy transferi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
“My Asia Sport News” telegram-kanaliga bergan izohida Shomurodov shunday dedi:
— Agar bu transfer amalga oshsa, juda yaxshi bo‘ladi. Bu ham Abbos, ham men uchun foydali. Terma jamoadagi sheriging bilan bir jamoada o‘ynash har doim katta ustunlik beradi. Masalan, Yevropada lotinamerikalik futbolchilar bir-birini qo‘llab-quvvatlab, bir jamoada yaxshi moslashishadi. Menga ham shunday muhit doimo qiziq bo‘lgan. “Roma”da Dovbik kelganida birgalikda gaplashardik, lekin yurtdoshing bilan birga bo‘lish — bu boshqa masala.
Abbos uchun ham bu yaxshi imkoniyat bo‘ladi. Turkiya chempionati — RPLga nisbatan kuchliroq. “Basaksehir” esa Konferensiyalar ligasida qatnashadi. Bu o‘zini sinab ko‘rish uchun ajoyib platforma, — dedi Eldor Shomurodov.