Eldor Shomurodov faoliyatidagi eng katta xatosini aytdi
O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov “Roma”dagi og‘ir pallalar, psixologik bosim va faoliyatidagi asosiy xatosi haqida ochiq gapirdi.
— “Roma”ga kelganimda jamoada Edin Jeko bor edi. U ancha katta yoshda edi, men esa o‘zimga ko‘proq imkoniyat bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Ammo tez orada Jeko ketdi va men yagona hujumchi bo‘lib qoldim. Keyin esa Temmi Abraham haqida mish-mishlar chiqdi. Gazetalarda u asosiy tarkibdan joy oladi, deb yozishdi. Boshida ishonmaslikka harakat qildim, lekin bu fikrlar meni ich-ichimdan ezib boraverdi”, — dedi Eldor.
Uning ta’kidlashicha, vaziyatga noto‘g‘ri munosabat bildirishi asosiy xatoga aylangan.
— “Rostov” yoki “Jenoa”da zaxiradan maydonga tushsam ham har daqiqada kurashardim. “Roma”da esa aybdor izlashni boshladim, ruhiy kurashni yo‘qotdim. Bu esa mening eng katta xatoim bo‘ldi. Eng asosiysi — har qanday holatda ham jangchi ruhiyatini saqlab qolish kerak edi”, — deya qo‘shimcha qildi hujumchi.
Hozirda Eldor o‘tmishdan xulosa chiqargan va har bir imkoniyatdan foydalanish zarurligini anglagan. Uning hikoyasini yosh futbolchilar uchun ibrat sifatida ko‘rsatish mumkin — katta futbolda muvaffaqiyatga erishish uchun o‘ziga ishonch va sabr-toqat juda muhim.