Eldor Shomurodov: \"Bu safar xato qilishga haqqimiz yo'q\"
5 va 10-iyun sanalarida Jahon chempionati saralash bosqichining so‘nggi ikki uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston terma jamoasi BAA va Qatar bilan o‘yinlar oldidan Toshkentda yig‘in boshladi. Futbolchilarimiz ushbu uchrashuvlar orqali mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun jiddiy tayyorgarlik olib borishmoqda.
Terma jamoamiz sardori Eldor Shomurodov bo'lajak o'yinlar haqida o'z fikrlarini bildirdi:
“Kayfiyat hammada a'lo darajada. Bosim yo'q. Bugun yig'ildik. Ertaga nasib qilsa Dubayga ketamiz va o'sha yerda tayyorgarlikni davom ettiramiz. Havotir yo'q. Hammamiz qanaqa o'yin kutib turganini hamda nima qilishimiz kerakligini bilamiz. Bunday uchrashuvlar oldidan ortiqcha qandaydir motivatsiyalar ham kerak emas deb o'ylayman. Hamma tayyor, hech qanday omillar bizga ta'sir qiladi deb o'ylamayman.
O'zimni yaxshi his qilyapman va o'yinga yuz foiz tayyorman. Tayyorgarlik ko'rishga yana qo'shimcha bir hafta vaqtimiz bor. Albatta o'yinlar oson bo'lmaydi. Birinchi navbatda issiq havo bo'ladi. Shunga yarasha ham tayyorgarlik ko'rishimiz kerak. Faqat menda emas, terma jamoadagi har bir bolada yoshligidan Jahon chempionatiga chiqish orzusi bor. Butun O'zbekiston nima kutayotganini tushunib turibmiz. Shuning uchun bu safar xato qilishga haqqimiz yo'q”,-deydi “Roma” hamda terma jamoamiz hujumchisi Eldor Shomurodov