locale OZ

El-Klasiko arafasida ‘‘Barselona’’ jiddiy muammoga duch keldi

Kataloniya klubining stadion faoliyati va uchrashuvlarni tashkil etishga mas’ul xodimlari 23–25-oktabr kunlari ish tashlash e’lon qildi.
El-Klasiko arafasida ‘‘Barselona’’ jiddiy muammoga duch keldi
Foto: Getty Images

‘‘Barselona’’ ‘‘Real Madrid’’ga qarshi El-Klasiko oldidan kutilmagan muammoga duch keldi. Kataloniya klubining stadion faoliyati va uchrashuvlarni tashkil etishga mas’ul xodimlari 23–25-oktabr kunlari ish tashlash e’lon qildi. Bu haqda Cadena SER nashri xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, xodimlar mehnat sharoitlarining yomonlashgani, ishchi kuchi yetishmasligi va ayrim xizmatlarning tashqi kompaniyalarga topshirilayotganidan norozi. Ularning ta’kidlashicha, so‘nggi ikki yil ichida qariyb 30 ta ish o‘rni qisqartirilgan. Ayni paytda ushbu yo‘nalishda 60 nafarga yaqin xodim faoliyat yuritmoqda. Ishchilar esa ularning sonini kamida 90 nafarga yetkazishni talab qilmoqda.

Mazkur norozilik aksiyasi stadionga kirish, chiptalarni tekshirish va muxlislarga xizmat ko‘rsatish jarayonlariga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Shuningdek, ish tashlash klubning boshqa sport turlari bo‘yicha uchrashuvlarini tashkil etishda ham qiyinchiliklar yuzaga keltirishi ehtimoli bor. Shunga qaramay, ‘‘Barselona’’ rahbariyati El-Klasiko belgilangan tartibda o‘tkazilishiga ishonch bildirmoqda.

Ma’lumot uchun, ‘‘Barselona’’ va ‘‘Real Madrid’’ o‘rtasidagi La Liganing 10-tur uchrashuvi 25-oktabr kuni ‘‘Spotify Camp Nou’’ stadionida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ish tashlash aksiyasi 23-oktabrdan 26-oktabr tongigacha davom etishi kutilmoqda. Tomonlar o‘zaro kelishuvga erishgan taqdirda, norozilik aksiyasi bekor qilinishi mumkin.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting