Eduardo Bove — «Uotford» futbolchisi (Romano)
Avval yurak faoliyati to‘xtab qolish holatini boshdan kechirgan «Roma» yarimhimoyachisi Eduardo Bove faoliyatini Angliyaning «Uotford» klubida davom ettiradi. Bu haqda taniqli insayder Fabritsio Romano ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, 23 yoshli italiyalik futbolchi kelasi hafta «Uotford» safiga qo‘shiladi. Tomonlar transferning deyarli barcha shartlari bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Qayd etilishicha, Bove joriy mavsumda sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sabab maydonga tusha olmadi. Futbolchining «Roma» bilan amaldagi shartnomasi 2028 yil yoziga qadar mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsumda Eduardo Bove A Seriyaning «Inter»ga qarshi uchrashuvida yuragi to‘xtab qolgan edi. O‘shanda u «Fiorentina» safida ijara asosida to‘p surayotgan edi.