Edin Jeko «Shalke» bilan yangi shartnoma imzoladi
Bosniya va Gersegovina terma jamoasi hujumchisi Edin Jeko faoliyatini “Shalke” safida davom ettiradi. Germaniya klubi 40 yoshli forvard bilan yangi shartnoma imzolanganini rasmiy ravishda e’lon qildi.
“Men hali ham katta maqsadlar sari intilishga to‘laman va Bundesligada jamoamga yordam berishni istayman. Qishda "Shalke"ga kelganimdan beri ajoyib jamoaning bir qismiga aylandim va muxlislarimizning beqiyos qo‘llab-quvvatlashini his qildim. Bundesligaga chiqish faoliyatimdagi eng yorqin voqealardan biri bo‘ldi. Bu haqiqatan ham unutilmas lahza edi. Futbol butun umr davomida menga zavq bag‘ishlab, doimo ilhomlantirib kelgan”, — dedi Jeko shartnoma imzolanganidan so‘ng.
2026/2027 yilgi mavsum tajribali bosniyalik hujumchi uchun professional faoliyatidagi 23-mavsum bo‘ladi.
Jeko 2026 yil qishida erkin agent sifatida “Shalke” safiga qo‘shilgan edi. U 2025/2026 yilgi mavsum yakunida klubning Germaniya Ikkinchi Bundesligasida chempion bo‘lishi va elita divizionga qaytishiga munosib hissa qo‘shdi.
O‘tgan mavsumning ikkinchi qismida Jeko “Shalke” safida Ikkinchi Bundesligada 11 ta uchrashuvda ishtirok etib, 6 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.