Eden Azar: «Ayni damda futbolchidan koʻra koʻproq taksichiman, lekin bu normal holat»
«Chelsi» va Madridning «Real» klubi sobiq futbolchisi Eden Azar professional faoliyatini yakunlaganidan keyingi hayoti haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Hayot juda tez o‘tib ketadi, ayniqsa futbolda. Kechagina 19 yoshda edim, bugun esa — 35 daman. Nafaqat futboldan, balki qolgan barcha narsadan zavqlanish kerak. Oila — senga yordam beradigan eng asosiy kuchdir.
Hozirgi hayotim juda oddiy: uyda o‘tiraman va rafiqam, farzandlarim hamda akalarim bilan oddiy narsalardan zavqlanaman. Futbol o‘ynayotganingda doimiy safarlarda bo‘lasan, ammo faoliyatingni tugatganingdan so‘ng, nihoyat ular uchun stressiz vaqt topiladi. Hozir hayotim ancha sodda. Men besh farzandning otasiman. Ayni damda futbolchidan ko‘ra ko‘proq taksichiman, lekin bu normal holat», — deya Azarning so‘zlarini keltirmoqda The Guardian.
O‘zining futbolchilik faoliyati davomida Azar klublar miqyosida 623 ta o‘yinda ishtirok etgan. Uning hisobida 167 ta gol va 153 ta golli uzatma mavjud.