Edegor: «Ronaldu faoliyatiga qarasangiz, uning naqadar ajoyib ekaniga hamma qo‘shiladi»
Norvegiya milliy terma jamoasi sardori Martin Edegor UEFA Millatlar ligasida Portugaliyaga qarshi bo‘lajak uchrashuv oldidan Krishtianu Ronaldu haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Edegor faoliyatining dastlabki bosqichlarida Ronaldu bilan Madridning «Real» klubida birga bo‘lgan. Norvegiyalik futbolchi «qirollik klubi» safidagi debyutini aynan portugaliyalik hujumchining o‘rniga zaxiradan maydonga tushib o‘tkazgan.
Endi «Arsenal» yarim himoyachisi Ronaldu bilan yana bir bor uchrashishga tayyorlanmoqda. Bu safar futbolchilar klub darajasida emas, balki o‘z milliy terma jamoalari safida raqib bo‘lishadi.
«Uning faoliyati haqida nima deb o‘ylayman? Menimcha, bu yerda hamma uning faoliyati shunchaki aqlbovar qilmas darajada ekaniga qo‘shiladi. Men undan ko‘p narsani o‘rganganman», — deya Edegorning so‘zlarini Goal keltirdi.
Norvegiya va Portugaliya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 27-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi. Ungacha norvegiyaliklar 24-sentabr kuni Daniyaga qarshi maydonga tushadi.