Eddi Xau APL grandi yoki Angliya terma jamoasini boshqarishga tayyor
“Nyukasl”ning sobiq bosh murabbiyi Eddi Xau yaqin vaqt ichida murabbiylik faoliyatiga qaytishga shoshilmayapti. Biroq angliyalik mutaxassis kuchli loyiha paydo bo‘lsa, jumladan APLning top-klublaridan biri yoki Angliya terma jamoasidan taklif tushsa, tanaffusini yakunlashga tayyor. Bu haqda Telegraph Sport nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Xau uzoq muddatli ta’til olishni rejalashtirgan va mavsum davomida kelib tushadigan har qanday taklifni qabul qilmoqchi emas. Shu bilan birga, jozibador loyiha paydo bo‘lsa, u qarorini o‘zgartirishi mumkin. Xususan, Xau “Manchester Yunayted” bosh murabbiyligi varianti yuzaga kelsa, uni ko‘rib chiqishga tayyor ekani aytilmoqda.
Shuningdek, 48 yoshli mutaxassis kelajakda Angliya terma jamoasini boshqarishga katta qiziqish bildirmoqda. Telegraph Sport ma’lumotiga ko‘ra, Xau ayni paytda milliy jamoada ishlash istagiga ega. Ikki yil avval unga Angliya terma jamoasidan taklif bo‘lgani, biroq o‘sha paytda mutaxassis uni rad etgani ham qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, Eddi Xau 2021-yildan 2026-yilgacha “Nyukasl”ni boshqardi. Uning qo‘l ostida jamoa Chempionlar ligasiga qaytdi hamda 2025-yilda Angliya Liga kubogini qo‘lga kiritdi. Xau “Bornmut”dagi faoliyati bilan ham tanilgan va Angliya futbolidagi eng tajribali mahalliy murabbiylardan biri hisoblanadi.