Dostonbek Hamdamov: «Yaxshi bir hujumchi olsak, Sergeevning o'rnini to'ldira olamiz»
"Paxtakor" yarim himoyachisi Dostonbek Hamdamov klub matbuot xizmatiga qisqa intervyu berdi.
"Turkiyadagi birinchi xorij yig'inini boshladik. Jismoniy tayyorgarlikka zo'r berayapmiz. O‘tgan yilning ikkinchi davrasini chiroyli o‘tkazdik. Shu saviyada o‘ynashimiz kerak. Faqat Igor Sergeevning o‘rnini to‘ldira oladigan bir yaxshi hujumchi va futbol tilida aytganda, 'o‘nlik' ampluasiga o‘yinchi olsak bo‘lgani. Qolgan nuqtalarda raqobat kuchli, qolaversa, akademiyamizda juda ko‘plab iste'dod egalari kerakli joylarni yopib bera oladi. Paytida biz ham shunday yosh bo‘lib katta maydonga kirib kelganmiz", — deydi Doston.
"Paxtakor" safida 207 ta o‘yinda maydonga tushib, 36+40 natijasini qayd etgan vinger 5 marta O‘zbekiston chempioni va uch karra kubok sohibi bo‘lgan. Bu mavsum uning rejalari ulkan:
- Faoliyatimda bir marta "trebl" qayd etganman. Buni takrorlaydigan payt keldi, deb o‘ylayman. 2026 yilgi "Paxtakor" oldida maqsadlar katta. Superkubokni ham qo‘shib hisoblaganda, 4 ta musobaqada yaxshi ishtirok etishimiz kerak. Qolaversa, o‘zim O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida o‘rin olish uchun mehnat qilishim kerak. Bu yil fan klubimiz va homiylarimizni xursand qilamiz", — dedi Hamdamov.