Donald Tramp FIFA Tinchlik mukofoti bilan taqdirlanadi va qur'a tashlash marosimida nutq soʻzlaydi
AQSh prezidenti Donald Tramp 2026 yilgi jahon chempionati guruh bosqichi qur’asi oldidan FIFA Tinchlik mukofoti bilan taqdirlanadi. Bu haqda The Athletic nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Trampga bugun, 5 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan tadbir davomida nutq so‘zlash uchun ham vaqt ajratiladi. Mazkur mukofot 2025 yil noyabr oyida ta’sis etilgan bo‘lib, Tramp uning ilk sohibiga aylanadi.
Jahon chempionati uch davlatda — AQSh, Kanada va Meksikada o‘tkaziladi. Musobaqa tarixida ilk bor unda 48 ta terma jamoa ishtirok etadi. Mundial 2026 yil 11 iyun — 19 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi.
Amaldagi jahon chempioni — Argentina milliy jamoasi. 2022 yilgi finalda argentinaliklar Fransiyani mag‘lub etgandi. Asosiy vaqt 3:3 hisobida yakunlangan, penaltilar seriyasida Janubiy Amerika jamoasi g‘alabaga erishgan.