Diyego Forlan Urugvay yoshlar terma jamoasini boshqarishi mumkin
Urugvay terma jamoasining sobiq hujumchisi Diyego Forlan mamlakat yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyiga aylanishi kutilmoqda. 47 yoshli mutaxassis bilan muzokaralarni shaxsan Urugvay futbol assotsiatsiyasi (AUF) prezidenti Ignasio Alonso olib bormoqda, deya xabar beradi Sport 890 nashri o‘zining X ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Manbaga ko‘ra, Forlan ushbu lavozimga tayinlangan taqdirda, joriy yilda FIFA shafeligida o‘tadigan rasmiy o‘yinlarda Urugvay U20 terma jamoasiga ham rahbarlik qiladi. Bo‘lajak murabbiylar shtabi ham allaqachon aniqlab bo‘lingan: Diyego Peres bosh murabbiy yordamchisi, Diyego Estavilo va Santyago Ferro esa jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy sifatida faoliyat yuritadi.
Ma’lumot uchun, Diyego Forlan 2002-yildan 2014-yilga qadar Urugvay terma jamoasi safida 112 ta o‘yinda maydonga tushib, 36 ta gol urgan. U JCh-2010 turnirining eng yaxshi futbolchisi deb topilgan va Yevropa chempionatlarining eng yaxshi to‘purari sifatida ikki bor "Oltin butsa" sohibiga aylangan. Futbolchilik faoliyatini yakunlagach, Forlan bir nechta klublarda, jumladan, "Penyarol"da bosh murabbiy bo‘lib ishlagan. Hozirda Urugvay yoshlar terma jamoasi Janubiy Amerika chempionati saralash bosqichiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.