«Dinamo» Dubaydagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini boshladi
“Dinamo” klubi vakillari 16-yanvar kuni Toshkent – Dubay yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilgan aviayozuv orqali Birlashgan Arab Amirliklariga yetib bordi. Parvoz 3 soatdan ortiq davom etdi va jamoa mahalliy vaqt bilan soat 11:00 atrofida Dubay aeroportiga qo‘ndi.
“Dinamo” klubi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, safardan bir kun avval klub administratori Akmal Bozorov boshchiligidagi xodimlar futbolchilar uchun 2026 yilgi mavsumga mo‘ljallangan Macron brendidagi yangi ekipirovkani tayyorlab, jamoani bir xil libosda safarga kuzatdi. Uzoq parvoz, yirik aeroportdagi nazorat jarayonlari hamda sovuq ob-havodan issiq iqlimga moslashish qiyinchiliklariga qaramay, bosh murabbiy Vadim Abramov va murabbiylar shtabi belgilangan rejaga qat’iy amal qildi.
Jamoa “Movenpick Al Mamzar” mehmonxonasiga joylashgach, Al-Rashid sport majmuasidagi futbol maydonida ilk mashg‘ulotni o‘tkazdi. Mashg‘ulot jarayoni ishchan va yuqori kayfiyatda o‘tdi. Bosh murabbiy Vadim Abramov hamda jamoa yetakchilaridan biri Anvarjon Hojimirzayev klub matbuot xizmatiga bergan intervyularida yig‘inning muhimligini ta’kidlab o‘tdi.
17-yanvardan boshlab “Dinamo” kuniga ikki mahal mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Dastlab futbolchilarning jismoniy holati qum ustida mustahkamlanadi, kechki mashg‘ulotlar esa yashil maydonda tashkil etiladi.