Dembele “Oltin to‘p”ni kim bilan bo'lishishga tayyorligini aytdi
PSJ hujumchisi Usmon Dembele 2026-yilgi “Oltin to‘p” uchun kurashda jamoadoshi Xvicha Kvaratsxeliyani alohida e’tirof etdi. Fransiyalik futbolchi BBC’ga bergan intervyusida gruziyalik jamoadoshi ushbu sovringa munosib mavsum o‘tkazganini ta’kidladi.
Dembele Kvaratsxeliyaning ayniqsa Chempionlar ligasidagi o‘yinlarini yuqori baholadi va uni ajoyib futbolchi deb atadi. Uning fikricha, Xvicha mavsum davomida o‘z saviyasini bir necha bor namoyish eta oldi.
Fransiyalik futbolchi ikki jamoadoshdan qaysi biri sovrinni olishi haqidagi savolga hazil bilan javob berdi: “Oltin to‘pmi? Uni shunchaki ikkiga bo‘lib olamiz”, dedi Dembele.
Ma’lumot uchun, Usmon Dembele 2025-yilda “Oltin to‘p” sohibiga aylangan. 2026-yilgi taqdirlash marosimi 26-oktabr kuni Londondagi “London Palladium” teatrida bo‘lib o‘tadi.