Dembele “Oltin to‘p” uchun asosiy da’vogarlarni ma’lum qildi
“Pari Sen-Jermen” hujumchisi Usmon Dembele 2026-yilgi “Oltin to‘p” uchun asosiy da’vogarlar haqidagi fikrini bildirdi. Amaldagi mukofot sohibi o‘zining asosiy uchligiga Xvicha Kvaratsxeliya, Harri Keyn va Kilian Mbappeni kiritdi. Bu haqda futbolchi France Football nashriga bergan intervyusida aytdi.
“Mening top-3ligim — Kvaratsxeliya, Harri Keyn va Kilian Mbappe. O‘zimni esa hech qachon ro‘yxatga kiritmayman”, — dedi Dembele. Fransiyalik futbolchi Keynning o‘tgan mavsumdagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Dembele sovrin uchun boshqa futbolchilar ham kurashishi mumkinligini ta’kidladi. U Maykl Olise, Lamin Yamal, Fabian Ruis va Villian Pachoni ham da’vogarlar qatorida sanab o‘tdi. Dembele ayniqsa Olisening Bundesligadagi mavsumini yuqori baholadi.
Ma’lumot uchun, 2026-yilgi “Oltin to‘p” sohibi 26-oktabr kuni Londonda bo‘lib o‘tadigan taqdirlash marosimida aniqlanadi. Usmon Dembele ayni paytda ushbu nufuzli individual mukofotning amaldagi sohibi hisoblanadi.