De la Fuente Visente del Boskening rekordini yangiladi
JCh-2026 saralash bosqichining 5-turidan o‘rin olgan Gruziya – Ispaniya uchrashuvidan so‘ng «qizil furiya» tarixiy natijaga erishdi.
Amaldagi Yevropa chempionlari raqibni 4:0 hisobida mag‘lub etib, mag‘lubiyatsiz o‘yinlar seriyasini 30 taga yetkazdi. Bu haqda Ispaniya qirollik futbol federatsiyasi xabar berdi.
Shu tariqa, Luis de la Fuente jamoasi o‘z rekordini yangiladi. Avvalgi ko‘rsatkich 2010–2013 yillarda murabbiy Visente del Boske boshchiligida qayd etilgan edi. De la Fuente qo‘l ostidagi Ispaniya terma jamoasi 2023 yildan buyon biror raqibga asosiy vaqtda imkoniyatni boy bermagan. Bu davr ichida ispanlar Millatlar ligasida ham, Yevropa chempionatida ham zafar quchishdi.
Jahon chempionati–2026 saralashining dastlabki besh turidan so‘ng Ispaniya terma jamoasi 15 ochko to‘plab, E guruhida peshqadamlik qilmoqda.