De Bruyne: «Hozir shunchaki ta'tilga chiqib, dam olmoqchiman»
Belgiya terma jamoasi sardori Kevin De Bruyne 2026-yilgi jahon chempionati uning faoliyatidagi so‘nggi mundial bo‘ladimi-yo‘qligi haqidagi savolga javob berdi.
Belgiya chorak finalda Ispaniyaga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqa bilan xayrlashdi. 35 yoshli yarim himoyachi mazkur uchrashuvning 86-daqiqasida maydonni tark etdi.
«Yigitlar, menga shunchaki ta'tilga chiqib, dam olishga ruxsat bering. Bu juda og‘ir yil bo‘ldi. Men jiddiy operatsiyani boshdan kechirdim. Erishgan ishlarim bilan faxrlanaman. Buning uchun juda qattiq mehnat qildim. Hozircha aytadiganim shu», — dedi De Bruyne jurnalist Ben Jacobsga.
Ma'lumot uchun, Kevin 2010-yildan buyon Belgiya terma jamoasi safida to‘p surib kelmoqda. Shu vaqt davomida u milliy jamoa libosida 124 ta uchrashuvda ishtirok etib, 38 ta gol muallifi bo‘lgan.