David Silva futbolchilik faoliyatini qayta boshladi
“Manchester Siti” va Ispaniya terma jamoasi sobiq yarim himoyachisi David Silva uch yillik tanaffusdan so‘ng professional futbolga qaytishga qaror qildi. 40 yoshli futbolchi Gonkong chempionatida ishtirok etuvchi “Supreme Sha Tin” klubi bilan qisqa muddatli shartnoma imzoladi. Bu haqda AS nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Silva yangi jamoasiga qo‘shilishdan mamnun ekanini bildirib, Gonkongdagi futbol, madaniyat va mahalliy hayot bilan yaqindan tanishishni intiqlik bilan kutayotganini aytgan. “Supreme Sha Tin” ham ispaniyalik yulduzning transferini rasman e’lon qilgan.
David Silva 2023-yil iyul oyida “Real Sosyedad” safida olgan jiddiy tizza jarohatidan so‘ng futbolchilik faoliyatini yakunlagan edi. Endilikda u uch yildan ortiq tanaffusdan keyin yana maydonga qaytadi. Yangi klubidagi debyuti yaqin haftalarda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, David Silva “Manchester Siti” safida 436 ta uchrashuvda 77 ta gol urib, 136 ta golli uzatma amalga oshirgan. U klub bilan to‘rt marta Premyer-liga chempioni bo‘lgan, Ispaniya terma jamoasi safida esa 125 ta uchrashuv o‘tkazib, Jahon chempionati va ikki marta Yevropa chempionatida g‘olib chiqqan.