Darvin Nunyez «Barselona»ga o'tishi mumkin
"Al-Hilol" va Urugvay terma jamoasi hujumchisi Darvin Nunyez "Barselona"ning transfer maqsadlari ro'yxatidan o'rin oldi. Bu haqda Ispaniyaning Mundo Deportivo nashri xabar berdi.
Manbaga ko'ra, kataloniyaliklar "Atletiko" hujumchisi Xulian Alvaresni transfer qila olmagan taqdirda, Nunyez asosiy muqobil variantlardan biri sifatida ko'rilmoqda.
Qayd etilishicha, urugvaylik futbolchi va uning atrofidagilar "Barselona"ning yangi hujumchi izlash jarayonini diqqat bilan kuzatmoqda. Ular Darvin nisbatan arzon mablag' evaziga kataloniya klubiga o'tishi mumkinligiga ishonmoqda.
27 yoshli hujumchi 2025/26 yilgi mavsumda "Al-Hilol" safida 24 ta uchrashuvda maydonga tushib, 9 ta gol va 5 ta golli uzatma muallifi bo'ldi.
Eslatib o'tamiz, Saudiya Arabistoni klubi Nunyezni o'tgan yozda "Liverpul"dan 53 million yevro evaziga sotib olgan edi.
Transfermarkt ma'lumotiga ko'ra, hozirda futbolchining bozor qiymati 20 million yevroga baholanmoqda. Uning "Al-Hilol" bilan tuzgan shartnomasi 2028 yil yozigacha amal qiladi.