Darvin Nunes APLga qaytishi mumkin — manba
«Liverpul»ning sobiq hujumchisi, ayni damda Saudiya Arabistonining «AlHilol» klubi sharafini himoya qilayotgan Darvin Nunes joriy yozda yana Premyer-ligaga qaytishi mumkin. TEAMtalk nashri tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, 26 yoshli forvardning atrofidagi vaziyatni Angliyaning bir qator nufuzli klublari diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Nunes o‘tgan yilning yozida «Liverpul»dan taxminan 46 million funt (53 mln yevro) evaziga Saudiya klubiga o‘tgan edi. U yangi jamoasida 24 ta uchrashuvda maydonga tushib, 9 ta gol urishga ulgurdi, biroq fevral oyidagi kutilmagan o‘zgarishlar futbolchining rejalari va klubdagi mavqeiga jiddiy zarba berdi.
Vaziyatning keskinlashuviga «Al Hilol» tomonidan tajribali hujumchi Karim Benzemaning transfer qilinishi sabab bo‘ldi. Saudiya Arabistoni chempionatidagi legionerlar uchun o‘rnatilgan qat’iy kvota tufayli, klub Nunesni ichki liga va mamlakat kubogi uchun beriladigan qaydnomadan chiqarib tashlashga majbur bo‘ldi. Bu shuni anglatadiki, urugvaylik forvard joriy mavsumning qolgan qismida liga o‘yinlarida ishtirok eta olmaydi.
Ushbu qaror Nunes uchun mutlaqo kutilmagan zarba bo‘ldi va uni Yaqin Sharqdagi kelajagi haqida jiddiy bosh qotirishga majbur qildi. Manbaning xabar berishicha, bir qator Yevropa klublari yozgi transfer oynasi oldidan futbolchi bo‘yicha so‘rov yuborishni boshlagan. Xususan, vositachilar Angliyaning «Tottenhem» va «Nyukasl» klublari bilan aloqaga chiqib, agar Nunes transferga qo‘yilsa, uni sotib olish imkoniyati borligi haqida ma’lumot berishgan.