Daniya milliy jamoasining sobiq bosh murabbiyi miya saratoniga chalindi
Sobiq Daniya milliy jamoasi bosh murabbiyi, norvegiyalik Oge Hareyde bosh miya saratoniga chalindi. Bu haqda NRK nashri xabar bermoqda.
Hareyde olti haftalik nur terapiyasi kursini tamomlagan. Hozir u kimyoterapiya qabul qilmoqda va dori-darmonlar bilan davolanishni davom ettirmoqda.
Futbolchilik faoliyatida u Norvegiya klublari «Hjodd» va «Molde», shuningdek, Angliyaning «Norvich Siti» va «Manchester Siti» jamoalarida o‘ynagan. Murabbiy sifatida esa faoliyatini 1985 yilda «Molde»dan boshlagan va ushbu klub bilan 1994 yilda Norvegiya Kubogini qo‘lga kiritgan.
Keyinchalik u Shvetsiyaning «Helsingborg» va «Malmyo», Norvegiyaning «Rosenborg» va «Viking», shuningdek Daniyaning «Brondby» klublarini boshqargan. Turli yillarda Norvegiya, Daniya va Islandiya milliy jamoalarini boshqargan; Islandiya uning so‘nggi ish joyi bo‘lgan.
Oge Hareyde murabbiylik faoliyatini 2024 yilda yakunlagan.