Daniel Levyning “Tottenhem”dagi ulushi kamaydi
“Tottenhem”ning sobiq raisi Daniel Levyning klubdagi ulushi biroz kamaydi. Bunga Lyuislar oilasining klubga yana 100 million funt sterling sarmoya kiritgani sabab bo‘ldi. Levi ham o‘z ulushini avvalgi darajada saqlab qolish uchun qo‘shimcha mablag‘ kiritish imkoniyatiga ega bo‘lgan, biroq bundan foydalanmagan.
Levi 2025-yil sentabrida “Tottenhem” raisi lavozimini tark etgan bo‘lsa-da, klubdagi katta ulushini saqlab qolgan edi. Yangi sarmoya kiritilishi vaqtida unga ham o‘z ulushiga mos ravishda mablag‘ qo‘shish taklif qilingan, ammo belgilangan muddatda to‘lov amalga oshirilmagan. Natijada uning ulushi avtomatik ravishda qisqargan.
Hozirda Lyuislar oilasi “Tottenhem”ni nazorat qiluvchi ENIC kompaniyasidagi ulushini 88,3 foizga yetkazgan. Avvalroq Eight Sports kompaniyasi Levyning ulushini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgan edi. Biroq “Tottenhem” bu kelishuvdan xabari yo‘qligini bildirgan va hozirgacha bitim rasman tasdiqlanmagan.
Ma’lumot uchun, Lyuislar oilasi 2022-yil mayidan buyon “Tottenhem”ga jami 332,5 million funt sterling sarmoya kiritgan. Klub egalari jamoaning sport natijalarini yaxshilash uchun qo‘shimcha investitsiyalarni davom ettirishini ham bildirgan.