Dani Karvaxal faoliyatini Madrid klubida davom ettirishi mumkin
“Real Madrid”ning sobiq sardori Dani Karvaxal faoliyatini “Xetafe”da davom ettirishi mumkin. Hozirda erkin agent maqomida bo‘lgan 34 yoshli himoyachi Madrid klubiga o‘tish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda AS nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Karvaxal “Xetafe” variantiga ijobiy qaramoqda. Bunga klubning uning uyiga yaqinligi va bosh murabbiy Xose Bordalasning futbolchiga shaxsan murojaat qilib, jamoadagi rolini tushuntirgani sabab bo‘lgan. Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar ijobiy davom etmoqda, biroq kelishuvni yakunlash uchun klub La Ligadagi maosh limitiga mos yechim topishi kerak.
Karvaxal yozda “Real Madrid” bilan shartnomasi yakunlangach klubni tark etgan va hozirgacha yangi jamoaga qo‘shilmagan. Agar moliyaviy masalalar hal qilinsa, uning “Xetafe”ga o‘tishi yaqin kunlarda rasmiylashishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Dani Karvaxal “Real Madrid” asosiy jamoasi safida 451 ta uchrashuv o‘tkazib, 14 ta gol urgan va 27 ta sovrin, jumladan 6 ta Chempionlar ligasi kubogini qo‘lga kiritgan.