Dani Alves professional futbolga qaytishi mumkin
Avval «Barselona» va Braziliya terma jamoasi safida to‘p surgan Dani Alves professional futbolga qaytishi mumkin. Bu haqda The Touchline nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, 42 yoshli braziliyalik Portugaliyaning uchinchi divizionida ishtirok etuvchi «San-Juan-de-Ver» klubida faoliyatini davom ettirish variantini ko‘rib chiqmoqda. Qayd etilishicha, Alves yaqinda ushbu klubning hammuassisiga aylangan va ayni paytda futbolchi sifatida maydonga tushishi uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish bilan shug‘ullanmoqda.
Shu bilan birga, manba Dani Alves 2026 yilgi Jahon chempionatida Braziliya terma jamoasi safida o‘ynash orzusidan ham voz kechmaganini ta’kidlaydi. Garchi uning mundialda ishtirok etish ehtimoli juda past bo‘lsa-da, tajribali futbolchi bu maqsad sari intilishni davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan bahorda Dani Alves jinoyat ishi bo‘yicha oqlangan, u bir yildan ortiq vaqtni qamoqda o‘tkazgandi.