Dana Uayt boks tarixidagi eng kuchli to‘rt nafar sportchini eʼlon qildi
UFC prezidenti Dana Uayt boks tarixidagi eng buyuk to‘rt nafar charm qo‘l ustasini sanab berdi. Bu haqda MMAJunkie xabar bermoqda.
Uayt talqiniga ko‘ra «Daholar kvarteti»:
- Muhammad Ali
- Shugar Rey Robinson
- Floyd Meyvezer-kichik
- Mayk Tayson
Reytingning mutlaq yetakchisi sifatida Muhammad Alining e’tirof etilishi bejiz emas. Afsonaviy bokschi 1960 yilgi Olimpiada chempioni, shuningdek, superog‘ir vazn toifasida mutlaq jahon chempioni (1964—1966, 1974—1978) hisoblanadi. Bir qator nufuzli nashrlar tomonidan «Asr sportchisi» deb tan olingan Ali, BoxRec talqiniga ko‘ra vazn toifasidan qat’i nazar (P4P) barcha davrlarning eng yaxshi bokschilari ro‘yxatida 5-o‘rinni egallab turibdi.
Muhammad Ali o‘z faoliyatini yakunlagach, 1987 yilda Boks shon-sharaf zaliga, 1990 yilda esa Xalqaro boks shon-sharaf zaliga kiritilgan.
Dana Uaytning ushbu tanlovi ijtimoiy tarmoqlarda katta bahslarga sabab bo‘lmoqda. Masalan, ko‘pchilik bu ro‘yxatda Menni Pakyao yoki Saul «Kanelo» Alvaresning yo‘qligidan hayron.