Damir Temirov: Hali hech narsa yo'qotilgani yo'q
“Andijon” klubi Superliganing 10-turida “Bobur arena”da “Dinamo”ni 2:1 hisobida mag'lubiyatga uchratdi.
Aytish joizki, jamoamiz irodasini va xarakterini namoyish qilgan holda g'alaba uchun oxirigacha mehnat qildi va buning natijasi tabloda aks etdi.
Zaxiradan maydonga tushgan va jamoamizning ikkinchi goliga mualliflik qilgan Damir Temirov klub matbuot xizmatining bir qator savollariga javob berdi.
- Damir, ajoyib o'yin va ajoyib g'alaba bilan tabriklayman. Avvalo, "Dinamo"ga qarshi o'tkazilgan uchrashuv borasidagi fikringizni bilmoqchimiz.
- Assalomu alaykum. O'yin juda zo'r bo'ldi. Shiddatli va kurashlarga boy o'tdi. Menimcha, muxlislarga yoqdi, deb o'ylayman.
- Zaxiradan tushayotganingizda golingiz g'alaba keltiruvchi bo'lishini o'ylaganmidingiz?
- Bunaqa o'y-xayollar albatta hammada bo'ladi. Bandasi ixlos bilan so'rasa, Yaratgan albatta beradi.
- Stadiondagi muhit betakror bo'ldi. Muxlislarning bunday atmosfera yaratishi sizlarni yanada oldinga undadi, shundaymi?
- Stadiondagi atmosferani so'z bilan tasvirlab bo'lmaydi, bu bizga qo'shimcha kuch beradi. Bejizga 12-o'yinchi deyishmaydi.
- Jamoa qanday iroada va xarakter ko'rsata oldi? Chunki jamoa gollarni 80 va 82-daqiqalarda kiritdi...
- Murabbiylar shtabini har bir o'yinga rejasi bor. Shularni to'liq bajarsak, g'alabalarga erishaveramiz.
- Jamoada murabbiy o'zgargach, 3 ta o'yinda 7 ochko oldi. Ayting-chi, qanday o'zgarishlarni sezyapsiz va bu nima bilan bog'liq?
- Ketgan murabbiylarga rahmat aytaman. Ular ko'p ishlar qilib ketishdi. Yangi murabbiylarga keladigan bo'lsak, ular bizga to'g'ri yo'nalish berib, o'zimizni erkin his qilishimizga qo'yib berishyapti.
- Bilasiz, klub oldiga mavsum boshida jiddiy vazifalar qo'yilgan. Jamoa o'z o'yini topib, natijalarni yaxshilab boryapti. Shunday ekan, mavjud imkoniyatlar borasida nima deya olasiz?
- Hali hech narsa yo'qotilgani yo'q. Qo'ldan kelgancha harakat qilamiz, natija esa Yaratgandan!